Uzum BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) bilan hamkorlik memorandumini imzolagan O‘zbekistondagi birinchi IT-kompaniyasi bo‘ldi. Hamkorlik doirasida Uzum va UNDP mutaxassislari mamlakat bo‘ylab aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillariga moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlik asoslarini o‘rgatadilar.
Mamlakatda raqamli moliyaviy xizmatlar va onlayn savdoning faol o‘sishi kuzatilmoqda. Bank-moliya xizmatlarining nufuzi hamda raqamli savodxonlik darajasining o‘sishi, ayniqsa olis hududlar, u yerdagi kichik shaharlarda yaqqolroq kuzatilmoqda. Raqamli platformalarning rivojlanishi va internetdan foydalanish ulushining oshishi tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish uchun qulay imkoniyatlar yaratdi.
Uzum Marketda mamlakat bo‘ylab o‘n mingdan ortiq korxona va tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini sotayotgan bo‘lsa, ularning 30 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil etadi. Uzum va BMTTD ishsiz ayollar va yoshlar o‘rtasida raqamli hamda moliyaviy savodxonlik ko‘nikmalarining yetishmasligini bartaraf etishda umumiy manfaatlarga ega. Bu boradagi ilk amaliy qadam qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirishdir. Uzum raqamli va logistika infratuzilmasidan foydalanish hajmining oshishi esa bandlikning o‘sishi va tadbirkorlikning rivojlanishiga omil bo‘ladi.
— Biz raqamli savodxonlik va biznesni boshqarish asoslarini o‘rgatish, ushbu ko‘nikmalarni amalga oshirish uchun qulay, tushunarli xizmatlar ko‘rsatishga tayyormiz, — dedi Uzum kompaniyasining ijrochi direktori Roman Lavrentiyev. —Moliyaviy servislar, bozor maydoni, xususiy foydalanuvchilar va tadbirkorlar uchun qulay bank vositalarini ishlab chiqish orqali biz, birinchi navbatda, mamlakatimizning barcha aholisi – erkaklar va ayollar, poytaxt va olis hududlarda istiqomat qiluvchi aholi uchun teng imkoniyatlar yaratamiz. Aynan mana shu maqsad bizni va BMTTDdagi hamkasblarimizni qo‘shma loyihada birlashtiradi.
— Bizning umumiy maqsadimiz – ishsizlar o‘rtasida raqamli va moliyaviy ko‘nikmalarning yetishmasligini bartaraf etish va shunga oid tushunchalarni shakllantirib, bilimlarini rivojlantirishga qaratilgan tuzilmani yaratishdir, — dedi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Anas Qarman, — Ushbu tashabbus ayollar va yoshlarga zamonaviy dunyoda zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni beradi. Bu esa ularning mehnat bozorida imkoniyatlarini kengaytiradi. Biz Uzum’
‘ni istiqbolli salohiyatga ega uzoq muddatli hamkor sifatida ko‘ramiz. Ushbu ekotizimning mamlakat iqtisodiyoti rivojiga qo‘shgan hissasi allaqachon sezilib turibdi. Masalan, sarmoyadorlar tomonidan “Uzum”ning tanlanishi barqaror hamkorlikka ishonch bag‘ishlaydi va hozirda ekotizim O‘zbekistondagi birinchi va yagona hisoblanadi.
Tomonlar elektron savdo uchun asosiy moliyaviy savodxonlikka yo‘naltirilgan keng qamrovli o‘quv materiallarini ishlab chiqish, shuningdek, respublikadagi tajribali mutaxassislar tomonidan ko‘nikmalarni samarali tarqatish va hududlardagi maqsadli auditoriyaning ushbu bilimlarni o‘zlashtirishini ta’minlash maqsadida seminar hamda treninglar o‘tkazishga kelishib oldilar.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (UNDP) O‘zbekistonning kambag‘allikka barham berish, tengsizlikni kamaytirish, raqamli tafovutlarni bartaraf etish va inklyuzivlikni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi.