Iqtisodiy protsessual huquqida birinchi instansiya sudi qarorlarini apellatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida qayta tekshirish bilan bir qatorda qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish instituti ham o‘ziga xos o‘rin egallaydi. U qonuniy kuchga kirgan, ayrim hollarda xatto ijro etilgan hal qiluv qarori, ajrim va qarorlarni sud yo‘l qo‘ygan xatolarni tuzatish, fuqarolarning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini tiklash, ish bo‘yicha haqiqatni aniqlash, arizani qanoatlantirish va sud hal qiluv qarori, ajrimi, qarorini bekor qilish yoki ularni qayta ko‘rib chiqishni rad etish to‘g‘risidagi masalani hal qilish imkoniyatini beradi.
Yangi ochilgan holatlar bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti faqat aniq ish bo‘yicha qaror qabul qilinishida ma’lum bo‘lmagan va e’tiborga olinmagan, ish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning ochilishi munosabati bilan ishni qayta ko‘rish zarur bo‘lgan hollardagina qo‘llanilishi mumkin. Yangi ochilgan holatlar bo‘yicha sud qarorlarini qaytadan ko‘rish fuqarolik ishlarini sud nazorati tartibida ko‘rishdan, uning yo‘l qo‘yilishi shartlari, amalga oshirishning protsessual tartibi, sud qarorlarining qayta ko‘rilishi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga haqli shaxslar doirasidan farqlanadi.
Bu to‘g‘risida Sh.Shoraxmetov shunday ta’kidlaydi: Bu institutning o‘ziga xos xususiyati shundaki, bunda sud xatoliklarga yo‘l qo‘ymaydi. Qayta ko‘riladigan sud qarorlarini chiqarishga sudya va protsess ishtirokchilariga ish ko‘rishda ma’lum bo‘lmagach holatlarning keyinchalik aniqlanishi asos bo‘ladi. Demak, ishni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish uchun hech kimga, shu jumladan sudga ham ma’lum bo‘lmagan holatlar bo‘lishligi lozim, aks holda sudning bu borada yo‘l qo‘ygan xatosini nazorat tartibida qayta ko‘rib hal etilishi kerak bo‘ladi. Aynan yangi ochilgan holatlar ularning muhimlimgi va qaror, ajrimning chiqarilish vaqtida sudga hamda arizachiga noma’lumligi ko‘rsatadi.
Sud qarorlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish chiqish o‘zining protsessual xususiyati bilan boshqa fuqarolik protsessining bosqichlaridan farq qiladi. Masalan, huquqshunos olim D.Yu. Habibullayev fikricha, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori, ajrim va qarorni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishni apellatsiya, kassatsiya, nazorat tartibida ish yuritishdan farqi quyidagilar:
1) yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risida ariza berilganda davlat boji to‘lanmaydi, apellatsiya, kassatsiya, nazorat tartibida shikoyat berilganda umumiy asoslarda davlat boji to‘lanadi;
2) yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risida ariza hal qiluv qarorini, ajrim yoki qarorni chiqargan sudga berilsa, apellatsiya, kassatsiya, nazorat tartibida shikoyat yuqori instansiya sudiga beriladi;
3) yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risida ariza arizachiga ma’lum bo‘lgan kundan e’tiboran uch oy ichida berilsa, apellatsiya shikoyati (protest) – 20 kun, kassatsiya shikoyati (protest) – 6 oy, nazorat shikoyati (protest) – 1 yil muddat ichida beriladi.
Huquqshunos olima Z.N.Esanova fikricha, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari, ajrimlar va qarorlarni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish fuqarolik protsessual huquqidagi sud qarorlarini qayta tekshirish institutlaridan biri sanalib, mazkur institut sub’ekti, ob’ekti, mazmuni, muddatlari, qayta ko‘rish asoslari va protsessual tartibiga ko‘ra boshqa sud qarorlarini qayta tekshirish institutlari faoliyatidan sezilarli farq qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 437-moddasiga muvofiq, yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish ob’ekti bo‘lib, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari, ajrimlar va qarorlar hisoblanishi mumkin.
Hal qiluv qarorlari, ajrimlar va qarorlarni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
1) arizachiga noma’lum bo‘lgan va ma’lum bo‘lishi mumkin bo‘lmagan, lekin ish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar, agar ular ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lsa;
2) sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan, qonunga xilof, asossiz yoki adolatsiz qaror chiqarilishiga sabab bo‘lgan holatlar, ya’ni guvohning bila turib bergan yolg‘on ko‘rsatuvi, ekspertning bila turib bergan yolg‘on xulosasi, atayin noto‘g‘ri qilingan tarjima, qalbaki hujjatlar yoki ashyoviy dalillar;
3) taraflarning, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning yoki sudyalarning mazkur ish bo‘yicha qonunga xilof, asoslantirilmagan yoxud adolatsiz sud hujjati qabul qilinishiga sabab bo‘lgan, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan jinoiy qilmishlari;
4) sud hal qiluv qarorining, hukmining, ajrimining yoki qarorining yoxud shu hal qiluv qarori, ajrim va qaror chiqarilishiga sabab bo‘lgan boshqa organ qarorining bekor qilinishi.
Yuqoridagi asoslardan biri majud bo‘lganda sud qarorlari yangidan ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘riladi.
Iqtisodiy ish ishda ishtirok etuvchi shaxslar va iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari tomonidan sudga taqdim etilgan hujjatlar, ishni ko‘rish jarayonida sud tomonidan talab qilib olingan hujjatlar, shuningdek qog‘ozda rasmiylashtirilgan sud hujjatlari va boshqa hujjatlar asosida shakllantiriladi.
Iqtisodiy ish elektron shaklda shakllantirilishi mumkin.
Iqtisodiy ish elektron shaklda shakllantirilgan taqdirda, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari o‘z elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan hujjatlarni elektron shaklda sudga taqdim etishga haqli. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari tomonidan sudga taqdim etilgan yozma hujjatlar ishga elektron shaklda qo‘shib qo‘yiladi, shundan so‘ng yozma hujjatlar ularni taqdim etgan shaxslarga qaytariladi.
Iqtisodiy ish elektron shaklda shakllantirilgan taqdirda, sud hujjatlari sudyaning (sudyalarning) elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi, sud majlislarining hamda alohida protsessual harakatlarning bayonnomalari esa raislik qiluvchining va sud majlisi kotibining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Elektron shakldagi iqtisodiy ishni boshqa sudga yoki boshqa organga o‘tkazish telekommunikatsiya kanallari orqali amalga oshiriladi.
Elektron shaklda shakllantirilgan iqtisodiy ishning qog‘ozdagi ko‘chirma nusxasi bo‘lishi mumkin.
Iqtisodiy sudlarning qonuniy kuchga kirgan hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishda yagona sud amaliyotini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumi quyidagi tushuntirishlarni beradi;
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 328-moddasining birinchi qismiga muvofiq, sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risida ariza faqat ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan berilishi mumkin. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning huquqiy vorislari (IPK 46-moddasi), shuningdek, sud jarimasi solingan shaxslar (IPK 58,69 va 98-moddalari) ham shunday huquqqa egadir. Ishda ishtirok etuvchi prokuror ishda ishtirok etuvchi shaxs hisoblanganligi bois, u ham o‘zi ishtirok etgan ish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslar, ularning qonuniy huquq va majburiyatlariga daxldor sud hujjatlari qabul qilingan taqdirda, shu asosda qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza berishga haqli emas, bunday holatda ular faqat sud hujjatlari ustidan apellatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat berishi mumkin.
Bunday shaxslar qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat etganida arizani qabul qilish IPK 291-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ariza bo‘yicha ish yuritish IPK 296-moddasi birinchi qismining 3-bandiga mos holda tugatiladi.
Iqtisodiy sudlar o‘zlari qabul qilgan sud hujjatlarini o‘z tashabbusi bilan yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishi mumkin emas.
Ya’ni Ipk ning 328-moddasida keltirilishicha qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza ushbu sud hujjatini qabul qilgan sudga sud hujjatini qayta ko‘rish uchun asos bo‘ladigan holatlar ochilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay, ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan beriladi. Ariza berishning o‘tkazib yuborilgan muddati, ariza bilan murojaat qilgan shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha, agar iltimosnoma qayta ko‘rish uchun asos bo‘ladigan holatlar ochilgan kundan e’tiboran olti oydan kechiktirmay berilgan bo‘lsa va sud muddatni o‘tkazib yuborish sabablarini uzrli deb topsa, sud tomonidan tiklanishi mumkin. Sud hujjati qonuniy kuchga kirgan paytdan e’tiboran uch yil o‘tgach berilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi. Bunda ushbu Kodeksning 327-moddasining ikkinchi va to’rtinchi bandlari mustasno. Ya’ni bular quyudagicha holatlar hisoblanadi;
2-bandi) Ekspertning bila turib yolg‘on xulosa berganligi, guvohning bila turib yolg‘on ko‘rsatuvlar berganligi, bila turib noto‘g‘ri tarjima qilinganligi sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan bo‘lsa va mazkur ish bo‘yicha qonunga xilof yoki asoslanmagan sud hujjati qabul qilinishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa;
4-bandi) Iqtisodiy sudning, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning, jinoyat ishlari bo‘yicha sudning yoki ma’muriy sudning mazkur ish bo‘yicha sud hujjatini qabul qilishga asos bo‘lgan sud hujjati yoxud boshqa organning shunday hujjati bekor qilinganligi.
Endi esa arizani rad etishga to’xtalsak, ushbu IPK ning 291-moddasining birinchi qismining 1-bandida ko’rishimiz mumkin, ya’ni Sudya kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni quyidagi hollarda rad etadi, agar, kassatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan berilgan bo‘lsa deb ko’rsatilgan.
Ariza bo’yicha ish yuritishni tugatish asoslarini esa IPK 296-moddasining birinchi qismining uchinchi bandida o’z tasdig’ini topgan. Quyidagi holatda, ya’ni kassatsiya shikoyati (protesti) sud hujjati ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan berilgan bo‘lsa.
Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo’yicha qayta ko’rish to’g’risidagi ariza sudga yozma shaklda beriladi. Ariza uni bergan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Arizada quyidagilar ko’rsatilgan bo’lishi kerak;
Ariza berilayotgan sudning nomi
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomlari, ularning joylashgan yerlari yoki yashash joyi
Arizachi yangi ochilgan holatlar bo’yicha qayta ko’rishni talab qilayotgan sud hujjatini qabul qilgan sudning nomi, ishning raqami, sud hujjati qabul qilingan sana, nizo predmeti.
Arizachining hujjatlarga havola qilingan fikr bo’yicha sud hujjatining qayta ko’rish uchunasos bo’ladigan yangi ochilgan holat.
Ariza berayotgan shaxsning talabi
Ilova qilinayotgan hujjatlarning ro’yxati.
Arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak;
Yangi ochilgan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlarning ko’chirma nusxalari
Arizachi qayta ko’rishni talab qilayotgan sud hujjatining ko’chirma nusxasi
Ariza va hujjatlarning ko’chirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat
Sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo’yicha qayta ko’rish to’g’risidagi ariza vakil tomonidan imzolangan taqdirda, uni imzolash vakolatini tasdiqlovchi hujjat.
Sud qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo’yicha qayta ko’rish to’g’risidagi arizani quyidagi hollarda qaytaradi, agar;
Ariza Iqtisodiy protsessual kodeksning 328 va 329-moddalarida belgilangan qoidalar buzulgan holda berilgan bo’lsa
Ariza belgilangan muddat tugaganidan so’ng berilgan bo’lsa va uni tiklash to’g’risida iltimosnoma mavjud bo’lmasa
Ariza berishni o’tkazib yuborilgan muddatini tiklash sabablari uzrsiz deb hisoblansa, shunga ko’ra ariza berishni o’tkazib yuborilgan muddatini tiklashga asos mavjud bo’lmasa.
Arizani qaytarish to’g’risida ajrim chiqariladi. Arizani qaytarish to’g’risidagi sud ajrimi ustidan shikoyat qilinishi (protsess keltirilishi) mumkin.
Qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori, ajrim va qarorni yangi ochilgan holatlar bo’yicha qayta ko’rishni apellatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida ish yuritishdan farqlari mavjud.
Yangi ochilgan holatlar bo’yicha qayta ko’rish to’g’risida ariza berilganda davlat boji to’lanmaydi., appelatsiya, kassatsiya, nazorat tartibida shikoyat berilganda umumiy asoslarda davlat boji to’lanadi.
Yangi ochilgan holatlar bo’yicha qayta ko’rish to’g’risida ariza hal qiluv qarorini, ajrim yoki qarorni chiqargan sudga berilsa, apellatsiya, kassatsiya, nazorat tartibida shikoyat yuqori instansiya sudiga beriladi.
- IPKning 324-moddasida ko‘rsatilganidek, sudning hujjati yangi ochilgan holatlar bo‘yicha faqat u qonuniy kuchga kirganidan keyingina qayta ko‘rilishi mumkin. Bu qoida darhol ijro etiladigan sud hujjatlariga ham taalluqlidir.
Qonuniy kuchga kirmagan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish haqida ariza bilan murojaat etilganda, arizani qabul qilish IPK 154-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ariza bo‘yicha ish yuritish IPK 110-moddasining 1-bandiga mos holda tugatiladi.
154-moddaning birinchi qismining 1-bandida ish iqtisodiy sudga, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki ma’muriy sudga taalluqli bo‘lmagan hollarda va 110-moddasining 1-bandi
1) ish iqtisodiy sudga, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki ma’muriy sudga taalluqli bo‘lmasa;
2) fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning, iqtisodiy sudning yoki chet davlat vakolatli sudining ayni bir shaxslar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo‘lsa, bundan iqtisodiy sud tomonidan chet davlat sudining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish rad etilgan hollar mustasno;
3) hakamlik sudining ayni bir shaxslar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo‘lsa, bundan iqtisodiy sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy tarzda ijroga qaratish yuzasidan ijro varaqasini berishni rad etgan hollar mustasno;
31) ayni bir shaxslar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan arbitrajning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo‘lsa, bundan iqtisodiy sud arbitrajning hal qiluv qarorini tan olishni va ijroga qaratishni rad etgan hollar mustasno;
4) ishda taraf hisoblangan yuridik shaxs tugatilgan bo‘lsa;
5) ishda taraf hisoblangan fuqaroning o‘limidan so‘ng nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yo‘l qo‘ymasa;
6) da’vogar da’vosidan voz kechgan va sud uni qabul qilgan bo‘lsa;
7) kelishuv bitimi tuzilib, u sud tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa;
8) da’vogar javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etmagan bo‘lsa, bunda shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki taraflar shartnomasida nazarda tutilgan va bunday tartibni qo‘llash imkoniyati boy berilgan bo‘lsa;
9) to‘plangan materiallar yo‘qotilgan sud ishini yoki ijro ishini yuritishni tiklash uchun yetarli bo‘lmasa tugatiladi.
Yangi ochilgan holatlar deganda, ochilgan faktik holatlar aslida mavjud bo‘lib, biroq sudning ishni ko‘rish vaqtida hisobga olishi mumkin bo‘lmagan, arizachiga va sudga noma’lum bo‘lgan yoki ma’lum bo‘lishi mumkin bo‘lmagan, sud hujjatlari qabul qilingandan keyingina ma’lum bo‘lgan holatlarni tushunish lozim. Agar faktik holatlar sud hujjati qabul qilingandan so‘ng vujudga kelgan bo‘lsa, bu holat sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish uchun asos bo‘la olmaydi, chunki bu IPK 327-moddasining 1-bandi mazmuniga zid bo‘ladi.
Yangi ochilgan holatlar mavjud bo‘lmasdan, ishni apellatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish asoslari mavjud bo‘lgan holatda ishni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish mumkin emas. Bunday hollarda iqtisodiy sud ko‘rsatib o‘tilgan holatlar mavjud emasligiga asoslanib, ishni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishni rad etishi lozim.
Sud hujjati qabul qilingandan keyin vujudga kelgan yangi holatlar ishni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish uchun emas, balki yangi da’vo bilan murojaat etish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Buxoro tumanlararo
iqtisodiy sudi sudyasi N.Soliyev