Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas. Nikoh tuzish nikohlanuvchilarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy oʼtgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi. Uzrli sabablar boʼlganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy oʼtgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berishi mumkin. Аlohida hollar (homiladorlik, bola tugʼilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar)da nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkin. Nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini davlat roʼyxatidan oʼtkazish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi nikohni roʼyxatga olishni rad etganda, shikoyat bilan bevosita sudga yoki boʼysunishiga koʼra yuqori turuvchi organga murojaat qilinishi mumkin.
Nikoh tuzish ixtiyoriydir. Nikoh tuzish uchun boʼlajak er-xotin oʼz roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega boʼlishi kerak. Nikoh tuzishga majbur qilish taqiqlanadi. Nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun oʼn sakkiz yosh etib belgilanadi. Uzrli sabablar boʼlganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tugʼilishi, voyaga yetmagan shaxsning toʼla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga koʼra nikoh davlat roʼyxatidan oʼtkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini koʼpi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.
Nikoh tuzishga:
loaqal bittasi roʼyxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar oʼrtasida;
nasl-nasab shajarasi boʼyicha toʼgʼri tutashgan qarindoshlar oʼrtasida, tugʼishgan va oʼgay aka-ukalar bilan opa-singillar oʼrtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar oʼrtasida;
loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar oʼrtasida yoʼl qoʼyilmaydi.
Nikohlanuvchi shaxslar davlat sogʼliqni saqlash tizimi muassasalarida bepul asosda tibbiy koʼrikdan oʼtadilar. Tibbiy koʼrikdan oʼtish hajmi va tartibi Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Nikohlanuvchi shaxslar ellik yoshdan oshgan boʼlsa, shuningdek ushbu Kodeks 13-moddasining beshinchi qismida koʼrsatilgan alohida hollar mavjud boʼlganda tibbiy koʼrikdan oʼz roziligi bilan oʼtkaziladi.
Oʼzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 33-moddasiga asosan, arizalar javobgar doimiy yashab turgan yoki doimiy mashgʼul boʼlgan joydagi sudga beriladi. Ushbu kodeksning 34-moddasida, agar daʼvogarning voyaga yetmagan bolalari borligi, shuningdek nogironligi yoki ogʼir kasalligi tufayli u javobgar yashab turgan joyidagi fuqarolik ishlari boʼyicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga borishga qiynalsa, nikohni bekor qilish toʼgʼrisidagi daʼvolar daʼvogarning yashaydigan joyidagi sudga taqdim etilishi mumkinligi, bedarak yoʼqolgan deb yoxud ruhiy holati buzilganligi sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar, shuningdek uch yildan kam boʼlmagan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar bilan nikohni bekor qilish toʼgʼrisidagi daʼvolar daʼvogarning xohishiga koʼra oʼz yashash joyidagi sudda koʼrilishi mumkin.
Oʼzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 122-moddasi 1-qismi 8-bandida, xotini homilador boʼlgan vaqtda yoki bola tugʼilganidan keyin bir yil davomida er xotinining roziligisiz nikohni bekor qilish toʼgʼrisida daʼvo taqdim etgan boʼlsa ariza koʼrmasdan qoldirilishi belgilab qoʼyilgan.
Er-xotinning mol-mulkini boʼlish haqidagi talabi, agar bu nizoni toʼgʼri hal etish uchun ishga uchinchi shaxslarni jalb qilish zarur boʼlsa, nikohni bekor qilish toʼgʼrisidagi ish bilan birga koʼrilishi mumkin emas.
Zafar Usmonov,
Fuqarolik ishlari boʼyicha
Gʼijduvon tumanlararo sudi raisi
Aziz Sharipov,
Fuqarolik ishlari boʼyicha
Gʼijduvon tumanlararo sudi sudyasi