Mamlakatimizda jamiyatning poydevori sifatida oila institutini yanada mustahkamlash va rivojlantirish, oila manfaatlarini himoya qilishning huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini kuchaytirish, uning xavfsizligini va uygʼunligini qoʼllab-quvvatlash boʼyicha keng koʼlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Koʼrilgan choralar xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga shak-shubhasiz rioya qilish, maʼnaviy-axloqiy asoslarni va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash uchun poydevor yaratishga xizmat qilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasining 02.09.2019 yildagi OʼRQ-561-sonli “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʼravonlikdan himoya qilish toʼgʼrisida”gi qonunning 23-moddasiga asosan, himoya orderi tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchiga beriladi. Tazyiq oʼtkazgan va (yoki) zoʼravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʼlgan shaxsga himoya orderining nusxasi beriladi.
Himoya orderini bergan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tazyiq oʼtkazgan va zoʼravonlik sodir etgan shaxsni himoya orderining shartlari hamda uni bajarmaslik oqibatlari va zoʼravonlik xulq-atvorini oʼzgartirish boʼyicha tuzatish dasturlaridan oʼtish zarurligi toʼgʼrisida xabardor qiladi.
Shaxs himoya orderini olish toʼgʼrisidagi tegishli hujjatni imzolashni rad etgan taqdirda, himoya orderini topshirayotgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tomonidan xolislar ishtirokida dalolatnoma tuziladi.
Tegishli hududda tazyiq va zoʼravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirish uchun masʼul boʼlgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tazyiq va zoʼravonlik fakti yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida himoya orderini oʼttiz kun muddatgacha beradi va ushbu order rasmiylashtirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.
Аgar tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchi hamda tazyiq oʼtkazgan va (yoki) zoʼravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʼlgan shaxs bir joyda ishlasa yoki oʼqisa, tegishli hududda tazyiq va zoʼravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshiruvchi ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tomonidan jabrlanuvchiga himoya orderi berilganidan keyin bir ish kuni ichida tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchining ish yoki oʼqish joyiga, agar tazyiq oʼtkazgan va (yoki) zoʼravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʼlgan shaxs tashkilot rahbari boʼlsa, yuqori turuvchi organga, jabrlanuvchi va tazyiq oʼtkazgan va (yoki) zoʼravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʼlgan shaxs oʼrtasidagi bevosita aloqani taqiqlash toʼgʼrisida taqdimnoma yuboriladi.
Tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchi ishlayotgan yoki taʼlim olayotgan tashkilot rahbari taqdimnomani olganidan keyin, uch ish kuni ichida jabrlanuvchi hamda tazyiq oʼtkazgan va (yoki) zoʼravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʼlgan shaxs oʼrtasidagi bevosita aloqani bartaraf etishga qaratilgan harakatlarni amalga oshiradi.
Аgar xavf hali bartaraf etilmagan boʼlsa, himoya orderining amal qilish muddati tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchining arizasiga koʼra koʼpi bilan bir yilgacha muddatga jinoyat ishlari boʼyicha sud tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Himoya orderini berish yoki himoya orderini berishni yoxud uzaytirishni rad etish ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Himoya orderi talablarining ijrosi ustidan nazorat ichki ishlar organi tomonidan amalga oshiriladi.
Himoya orderining shakli va uni berish tartibi Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Tazyiq va zoʼravonlik yoki ularni sodir etish xavfi bartaraf etilmagan taqdirda, tegishli hududda tazyiq va zoʼravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirish uchun masʼul boʼlgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tomonidan tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchining arizasiga koʼra, bir ish kuni ichida himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish boʼyicha materiallar tayyorlanadi hamda himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish toʼgʼrisidagi iltimosnoma rasmiylashtirilgan holda jabrlanuvchining yashash joyidagi jinoyat ishlari boʼyicha tuman (shahar) sudiga yuboriladi.
Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish toʼgʼrisidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran yigirma toʼrt soat ichida yopiq sud majlisida jabrlanuvchi hamda tazyiq oʼtkazgan va (yoki) zoʼravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʼlgan shaxs hozirligida koʼrib chiqiladi.
Himoya orderida quyidagilar koʼrsatiladi:
– u rasmiylashtirilgan sana va joy;
– uni rasmiylashtirish uchun asos boʼlib xizmat qilgan holatlar;
– tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchining hamda tazyiq oʼtkazgan yoki zoʼravonlik sodir etgan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʼilgan sanasi va joyi, kasbi hamda yashash joyi;
– ushbu Qonunning 26-moddasida nazarda tutilgan cheklovlarning roʼyxati.
Himoya orderida tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchining sudga murojaat qilish huquqi toʼgʼrisidagi, tazyiq oʼtkazgan va zoʼravonlik sodir etgan shaxsning himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarligi haqidagi maʼlumot koʼrsatiladi.
Himoya orderida quyidagi cheklovlar nazarda tutilishi mumkin:
– tazyiq oʼtkazishni va zoʼravonlik sodir etishni taqiqlash;
– tazyiq oʼtkazgan yoki zoʼravonlik sodir etgan shaxsning tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchilar bilan aloqasini taqiqlash (ish joylarida va taʼlim muassasalarida tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchining tazyiq oʼtkazgan va zoʼravonlik sodir etgan shaxs bilan bilvosita aloqasiga yoʼl qoʼyiladi);
– tazyiq oʼtkazilgan va zoʼravonlik sodir etilgan taqdirda tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchining hamda tazyiq oʼtkazgan va zoʼravonlik sodir etgan shaxsning bir xonada birga boʼlishini taqiqlash;
– tazyiq oʼtkazgan va zoʼravonlik sodir etgan shaxsning zimmasiga tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchini davolash, unga maslahat berish, uni tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam koʼrsatish boʼyicha maxsus markazga joylashtirish uchun xarajatlarning, yetkazilgan moddiy zararning oʼrnini qoplash, shuningdek maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyatini yuklatish;
– tazyiq oʼtkazgan va zoʼravonlik sodir etgan shaxsning qurolni (bundan xizmat quroli mustasno) saqlash va olib yurish huquqini himoya orderining amal qilishi yoki unda koʼrsatilgan muddat davrida cheklash yoxud taqiqlash, shuningdek qurol sotib olish uchun ruxsatnoma olishga doir huquqini taqiqlash.
Tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini taʼminlash va monitoring olib borish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 yanvardagi 3-son qarori bilan tasdiqlangan “Tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini taʼminlash va monitoring olib borish toʼgʼrisida”gi nizomga asosan amalga oshiriladi.
Uchqun Ro’ziyev,
Buxoro viloyat sudining raisi
Zаfar Usmonov,
Fuqarolik ishlari boʼyicha Gʼijduvon tumanlararo sudining raisi